Jild 2 № 112 (2026): Jamiyat va boshqaruv

Jild 2 № 112 (2026): Jamiyat va boshqaruv
Nashr qilingan: 27-06-2026

“Jamiyat va boshqaruv” jurnali Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qarori bilan dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritilgan.

Maqolalar

GATS 4-rejimi xalqaro mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy mexanizmi sifatida

Mazkur tadqiqot xalqaro migratsiya va Jahon savdo tashkiloti (JST) faoliyati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni jahon iqtisodiyotining globallashuvi sharoitida kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda jismoniy shaxslarning transchegaraviy harakatini tartibga solishning institutsional-huquqiy tabiati General Agreement on Trade in Services (GATS) doirasida ko‘rib chiqiladi, bunda xizmatlarni jismoniy shaxslarning ishtiroki orqali yetkazib berish rejimiga (Mode 4) alohida e’tibor qaratilgan. Muallif tomonidan GATSning I, VI, XVI va XVII moddalari, shuningdek, jismoniy shaxslarning harakatlanishi to‘g‘risidagi Ilova batafsil tahlil qilinadi, bu esa vaqtinchalik mehnat migratsiyasini xizmatlar xalqaro savdosining elementi sifatida huquqiy tartibga solish xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Mode 4 rejimining gibrid tabiati, ya’ni uning xalqaro iqtisodiy huquq va migratsiya huquqi kesishgan nuqtada joylashgani asoslab beriladi. Tadqiqot natijasida JST rejimining asosiy cheklovlari, jumladan, uning selektiv xususiyati, liberallashtirish darajasining pastligi hamda migratsiya sohasida davlat suverenitetining saqlanib qolishi aniqlandi. Xalqaro savdo va migratsiya tartibga solish tizimlarini yanada uyg‘unlashtirish zarurligi haqida xulosa qilinadi.

Muattara Raximova (Muallif)
5-23 9 3
Ma’muriy tartib-taomillarning raqamli transformatsiyasi: huquqiy muammolar va fuqarolar huquqlarini himoya qilish kafolatlari

Maqola davlat boshqaruvini raqamlashtirishning huquqiy jihatlarini hamda uning ma’muriy-prosessual huquq institutlariga ta’sirini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Maqolada ma’muriy tartib-taomillarni elektron muhitga o‘tkazishda yuzaga keladigan muammolar, shu jumladan, sun’iy intellekt tizimlarining algoritmik xatolari xavfi va raqamli tafovutning kelib chiqishi masalalari tahlil qilinadi. Yakunda ommaviy hokimiyatning raqamli markazlashuvi sharoitida xususiy shaxslarning protsessual kafolatlarini ta’minlash uchun aniq qonunchilik yechimlari taklif etilgan.

Murad Sariyev (Muallif)
24-32 5 2
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquq ijodkorligi: hujjatlar tizimi va xususiyatlari

Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017–2026-yillarda qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari – farmonlar, qarorlar va farmoyishlari tahlil qilindi. Prezident huquqi ijodkorligining hajmi va dinamikasi, uch toifa hujjatning funksional tabiati, huquqiy manbasi, ochiqlik indeksi va konstitutsiyaviy iyerarxiya miqdoriy usullarda o‘rganilib, natijalar 1991-2016-yillar davri bilan taqqoslangan, mavzu yuzasidan milliy va xorijiy olimlar bilan ilmiy bahs-munozara orqali mualliflik xulosalari ilgari surilgan.

Botu Alimov (Muallif)
33-41 6 2
Davlat xizmatlarini raqamlashtirishning huquqiy jihatlari: Turkmaniston milliy tajribasi va xalqaro tendensiyalar

Maqolada Turkmanistonda davlat xizmatlari tizimini raqamli transformatsiya qilishning huquqiy asoslari va muammolari har tomonlama ilmiy tahlil qilingan. Kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va elektron hujjat aylanishi sohasidagi qonun hujjatlarini oʻz ichiga olgan milliy qonunchilikning rivojlanishi koʻrib chiqilgan. Qiyosiy huquqshunoslik doirasida Rossiya Federatsiyasi va Koreya Respublikasining ilgʻor tajribasi tahlil etilgan. Raqamlashtirishning jiddiy huquqiy xavflariga alohida e’tibor qaratilgan boʻlib, ular 2025-yilda Janubiy Koreyada yuz bergan keng koʻlamli texnologik nosozlik misolida koʻrsatib berilgan. Oʻtkazilgan tadqiqot asosida Turkmaniston me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ushbu tavsiyalar raqamli va qogʻoz hujjatlarning yuridik kuchi mutlaqo tengligini qonunchilikda mustahkamlashga hamda ma’lumotlar operatorlarining "raqamli hisobdorlik" institutini kuchaytirishga qaratilgan.

Tirkeshmurad Seyitmuradov (Muallif)
42-50 8 2
Raqamli muhitda bolalar huquqlarini xalqaro-huquqiy himoya qilish modelining transformatsiyasi: zamonaviy chaqiriqlar va yangi yondashuvlar

Mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida bolalar huquqlarini xalqaro-huquqiy himoya qilish modeli transformatsiyasi tadqiq etilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining universal hamda mintaqaviy xalqaro-huquqiy hujjatlari, shuningdek, zamonaviy ilmiy doktrina tahlili asosida bolalar huquqlarining amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi raqamli xavf-xatarlar evolyutsiyasi ochib berilgan. Zamonaviy raqamli tahdidlar nafaqat mazmuni, balki yuzaga kelish mexanizmi jihatidan ham farq qilishi, bu esa xalqaro-huquqiy tartibga solish obyektining o‘zgarishiga olib kelishi ilmiy jihatdan asoslangan. Xalqaro huquqning rivojlanishi raqamli kontent va raqamli munosabatlar ishtirokchilari xulq-atvorini tartibga solishdan raqamli muhit arxitekturasi, algoritmik tizimlar hamda raqamli platformalarni bolalar huquqlarini amalga oshirishga ta’sir etuvchi mustaqil omillar sifatida huquqiy tartibga solishga bosqichma-bosqich o‘tish bilan tavsiflanishi aniqlangan. Xalqaro-huquqiy himoya obyektining transformatsiyasi raqamli davrda bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi xalqaro-huquqiy yondashuvlarni shakllantirish zaruratini taqozo etishi haqida xulosa qilingan.

Feruza Miruktamova (Muallif)
51-60 8 4
Oʻzbekistonda norasmiy iqtisodiyot sohasida ishchilar uchun ijtimoiy himoyani kengaytirish

Ushbu maqolada Oʻzbekistonda norasmiy iqtisodiyotda ishchilar uchun ijtimoiy himoyani kengaytirishdagi qiyinchiliklar va uning istiqbollar tahlil qilinadi. Unda norasmiy bandlikning asosiy shakllari va ular bilan bogʻliq ijtimoiy xavflar, jumladan, pensiya taʼminoti, tibbiy sugʻurta va mehnat kafolatlarining yoʻqligi oʻrganiladi. Zaif guruhlarni qamrab olishga qaratilgan inklyuziv ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishda davlatning roliga alohida eʼtibor qaratilgan. Huquqiy asoslar va hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy tendentsiyalar tahlili asosida ijtimoiy sugʻurta mexanizmlarini isloh qilish va bandlikni qonuniylashtirishni ragʻbatlantirish zarurati asoslanadi. Ijtimoiy himoyani kengaytirish inson kapitalini mustahkamlash va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida qaraladi.

Malika Qodirxonova, Dilmurod Matrasulov (Muallif)
61-74 8 5
O‘zbekistonda urbanizatsiyani rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari

Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish maqsadlariga erishish "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining eng muhim maqsadlaridan biridir. Ushbu maqolada hukumatning mazkur sohadagi maqsadlarga erishish jarayoni tahlil qilinadi, ularning muvaffaqiyatsizlik sabablari ko‘rib chiqiladi va kelajakda mamlakatda urbanizatsiyani yanada jadallashtirish bo‘yicha takliflar ilgari suriladi.

Sayidfozil Zokirov (Muallif)
75-84 5 2
Kelajakka eng ishonchli investitsiya — avlodga munosib tarbiya berishdir

Davrimizning eng muhim va dolzarb ehtiyojlaridan biri — avlodlarga munosib tarbiya berishni ta’minlashdir. Bu vazifa har doim muhim bo‘lib kelgan, biroq bugungi rivojlangan texnologiyalar asrida yashayotganimizni hisobga olsak, uning ahamiyati qay darajada ortganini payqash qiyin emas. Ilmiy tadqiqotlar asosida turkman xalqining oilaviy madaniyati bilan bog‘liq barcha urf-odatlar, an’analar va marosimlar chuqur ilm va bilimga asoslangan o‘ziga xos tarbiya maktabi ekanligi izchil isbotlab berilgan.

Gulshirin Xanova (Muallif)
85-92 6 2
Faol bandlik siyosati Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish va siyosiy barqarorlik vositasi sifatida (2021–2025): institutsional mexanizmlar, davlat imkoniyati va ustuvorliklar

Maqolada 2021–2025-yillardagi Oʻzbekistonning faol bandlik siyosati kambagʻallikni qisqartirish va siyosiy barqarorlikni ta’minlash vositasi sifatida tahlil qilinadi. Hujjatli-institutsional tahlil mahalla darajasidagi manzilli boshqaruv, mehnat daromadlari va faol dasturlar davlat imkoniyatini kuchaytirganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, norasmiy bandlik, sugʻurta himoyasining torligi, hududiy tafovutlar va mehnatning raqamli prekarizatsiyasi mazkur modelning uzoq muddatli barqarorligini cheklaydi.

Qobil Shoimov (Muallif)
93-104 6 4
O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi: iqtisodiy ta’sirlar va reintegratsiya muammolari

Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasining shakllanish sabablari, iqtisodiy mexanizmlari, pul o‘tkazmalarining makro va mikroiqtisodiy ta’siri hamda mehnat migrantlarining qaytishidan keyingi reintegratsiya jarayonlari tahlil qilinadi. Tadqiqot sifatli fokus-guruh muhokamalari va rasmiy statistik ma’lumotlarga asoslangan holda olib borildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mehnat migratsiyasi qisqa muddatda kambag‘allikni yumshatuvchi iqtisodiy mexanizm sifatida namoyon bo‘lsa-da, uzoq muddatda qayta migratsiya siklining kuchayishi va hududiy iqtisodiy nomutanosibliklarni chuqurlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.

Adiba Nuruddinova, Ibrokhimjon Ismatov (Muallif)
105-113 9 4
Ta’lim sifati indeksini (EQI) ekonometrik modellashtirish va shakllantirish: inson kapitali rivojlanishi kontekstida postsovet mamlakatlari misolida

Ushbu tadqiqot postsovet mamlakatlarida inson kapitalini rivojlantirish va ta'lim sifatini oshirishga yo'naltirilgan integratsiyalashgan ekonometrik yondashuv ishlab chiqilgan. PISA 2022 mikroma'lumotlari asosida ko'p bosqichli modellashtirish va tasdiqlovchi omilli tahlil qo'llanilib, o'qitish sifati va raqamli tayyorgarlik o'quvchilarning raqamli o'qish savodxonligiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi aniqlangan. Ta'lim sifati indeksi (EQI) ta'lim siyosatini dalillarga asoslangan holda shakllantirish va inson kapitalini monitoring qilishning samarali vositasi sifatida taklif etiladi.

Indira Xadjiyeva (Muallif)
114-128 4 3
Markaziy Osiyoda iqtisodiy erkinlik: Oʻzbekiston islohotlar yoʻnalishining strategik bahosi (2000–2026)

Maqolada 2000–2026-yillar oraligʻida Markaziy Osiyodagi iqtisodiy erkinlikning rivojlanishini, xususan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston misolida tahlil qilinadi. Tadqiqotda Heritage Foundation tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy erkinlik indeksi va Jahon banki maʼlumotlaridan foydalangan holda uzoq muddatli tendensiyalar hamda 1997-yildagi Osiyo moliyaviy inqirozi, 2008-yildagi global moliyaviy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi kabi tashqi xatarlar va tahdidlarning taʼsiri o’rganildi. Ilmiy ishda miqdoriy ko’rsatkichlarning sifat bahosi bilan integratsiyalovchi aralash metodologiya qoʻllaniladi, bu esa mamlakatlararo taqqoslash va natijalarni takrorlash imkoniyatini oshiradi. Statistika ma’lumotlari Oʻzbekiston uchun sezilarli ijobiy yoʻnalishni koʻrsatmoqda: mamlakat jahon reytingida 86 pogʻona yaxshilanishni qayd etib, 60.3 ballga erishgan va 2026-yilga kelib, “cheklangan” holatdan “oʻrtacha erkin” maqomiga oʻtgan. Tadqiqot natijalari bozorning ochiqligi va moliyaviy liberallashtirishning sezilarli darajada oshganini koʻrsatsa-da, sud tizimi samaradorligi va huquq ustuvorligi sohasidagi institutsional muammolar saqlanib qolayotgani ma’lum bo’ldi. Tahlil natijalariga ko’ra, uzoq muddatli barqaror oʻsish uchun shaffof islohotlarni va sud mustaqilligini yanada institutsiyalashtirish, davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kamaytirish va inklyuziv rivojlanishni ragʻbatlantirish zarur degan xulosaga kelindi.

Iqboljon Odashev (Muallif)
129-146 8 3
Global biznesda onlayn platformalar ahamiyati

Ushbu maqolada turli mamlakatlararo tovarlar savdosi va raqamli mahsulotlar hamda xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshirish faoliyatini yuritishda bugungi kunda global kompaniya darajasiga erishish uchun birinchi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qadamlar tahlil qilingan. Shuningdek, global biznes muhitini yaratishda davlatlararo elektron tijorat bozorining o‘rni, global biznesda onlayn platformalarning ahamiyati haqida so‘z boradi.

Otabek Jo‘rayev (Muallif)
147-152 4 4
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilishi: siyosiy shart-sharoitlar va strategik motivlar

Ushbu maqola Turkiy davlatlar tashkilotining tashkil etilishi zaruriyati va uning tobora ta'sirchan mintaqaviy tashkilotga aylanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xavfsizlik omillarini tahlil qilishga qaratilgan. Shuningdek, turkiy hamkorlik doirasini yaratishning asosiy sabablarini aniqlash, O'zbekistonning 2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga qo'shilishining siyosiy shart-sharoitlari va strategik motivlari keng qamrovli tahlil etilib, 2019–2026-yillar oralig‘idagi tarixiy jarayon, sammitlar diplomatiyasi, iqtisodiy ko'rsatkichlar va geosiyosiy o'zgarishlar bayon etilgan. Hukumatimizning ko'p vektorli tashqi siyosat strategiyasi, O'rta Yo'l infratuzilma loyihalari va Turkiy dunyo integratsiyasida O'zbekiston rolini tahlil qilish asosida maqolada ilmiy xulosalar shakllantirilgan.

Jamoliddin Rustamov (Muallif)
153-166 5 3
Xalqaro siyosiy imij va «soft power»ning nazariy-metodologik asoslari

Maqolada zamonaviy geosiyosiy o‘zgarishlar va globallashuv sharoitida «yumshoq kuch» (soft power) konsepsiyasining evolyutsiyasi hamda uning davlat xalqaro siyosiy imijini shakllantirishdagi dialektik aloqadorligi nazariy-metodologik jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot muammosi «soft power» resurslarining imij komponentlariga tizimli ta’sir mexanizmlarining yetarlicha ochib berilmagani bilan belgilanadi. Mavzuning dolzarbligi ko‘p qutbli dunyo tartiboti shakllanishi va O‘zbekiston Respublikasining 2016-yildan keyingi ochiq tashqi siyosati bilan izohlanadi. Natijalar davlat imiji tashqi targ‘ibot mahsuli emas, balki «soft power» resurslarining kognitiv, affektiv va konativ darajadagi institutsional safarbar etilishi natijasi ekanini ko‘rsatadi. Muallifning ilmiy hissasi imij uch komponentining «soft power» resurslari bilan dialektik aloqadorlik modeli ishlab chiqilganida, amaliy ahamiyati esa, modelning tashqi siyosat va milliy brending strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanishi mumkinligidadir.

Abduaziz Xidirov (Muallif)
167-180 5 3