Maqolada 2000–2026-yillar oraligʻida Markaziy Osiyodagi iqtisodiy erkinlikning rivojlanishini, xususan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston misolida tahlil qilinadi. Tadqiqotda Heritage Foundation tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy erkinlik indeksi va Jahon banki maʼlumotlaridan foydalangan holda uzoq muddatli tendensiyalar hamda 1997-yildagi Osiyo moliyaviy inqirozi, 2008-yildagi global moliyaviy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi kabi tashqi xatarlar va tahdidlarning taʼsiri o’rganildi. Ilmiy ishda miqdoriy ko’rsatkichlarning sifat bahosi bilan integratsiyalovchi aralash metodologiya qoʻllaniladi, bu esa mamlakatlararo taqqoslash va natijalarni takrorlash imkoniyatini oshiradi. Statistika ma’lumotlari Oʻzbekiston uchun sezilarli ijobiy yoʻnalishni koʻrsatmoqda: mamlakat jahon reytingida 86 pogʻona yaxshilanishni qayd etib, 60.3 ballga erishgan va 2026-yilga kelib, “cheklangan” holatdan “oʻrtacha erkin” maqomiga oʻtgan. Tadqiqot natijalari bozorning ochiqligi va moliyaviy liberallashtirishning sezilarli darajada oshganini koʻrsatsa-da, sud tizimi samaradorligi va huquq ustuvorligi sohasidagi institutsional muammolar saqlanib qolayotgani ma’lum bo’ldi. Tahlil natijalariga ko’ra, uzoq muddatli barqaror oʻsish uchun shaffof islohotlarni va sud mustaqilligini yanada institutsiyalashtirish, davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kamaytirish va inklyuziv rivojlanishni ragʻbatlantirish zarur degan xulosaga kelindi.