Maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatining rivojlanishi uning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi hamda zamonaviy sharoitlarda uni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari aniqlanadi. Tahlil 2016–2025-yillar oralig‘idagi tarmoq dinamikasini qamrab olib, ishlab chiqarish tendensiyalari, tarkibiy o‘zgarishlar hamda sanoat rivojlanishidagi o‘rni yoritiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda tarmoq o‘sishi asosan narx omillari hisobiga emas, balki ishlab chiqarish hajmining real kengayishi hisobiga ta’minlangan. ARIMA (0,2,1) modeli esa 2028-yilgacha ijobiy dinamikaning saqlanib qolishini ko‘rsatadi. Shu asosda maqolada chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, modernizatsiya, eksport raqobatbardoshligini oshirish va tarmoq ichidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha amaliy yo‘nalishlar asoslab berilgan.
Mazkur maqolada Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy transformatsiya jarayonlari tahlil qilingan. Iqtisodiy o‘sish dinamikasi, tarmoqlar tarkibidagi o‘zgarishlar hamda iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlari baholangan. Shuningdek, texnologik rivojlanish va ilmiy-tadqiqot ishlari intensivligi asosida tarkibiy o‘zgarishlarning miqdoriy bahosi keltirilgan. Tahlil natijalari so‘nggi yillarda ijobiy siljishlar mavjudligini, biroq yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish zarurati saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Maqolada iqtisodiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan.
Maqolada Oʻzbekistonda asosiy kapitalga investitsiyalar manbalari tarkibi, xorijiy va ichki resurslar nisbatining oʻzgarishi tahlil qilingan. Soʻnggi yillar boʻyicha rasmiy statistika asosida xorijiy investitsiyalar va chet kreditlarining koʻpayishi, shuningdek, korxonalar va aholi mablagʻlari hissasi hisoblab chiqilib, xalqaro ilmiy adabiyotlar sharhi asosida “ichki investitsion salohiyat” tushunchasi aniqlashtirilgan. Ilmiy manbalardagi tarixiy qismlar tizimlashtirilib, milliy iqtisodiyot barqaror oʻsishini taʼminlashda ichki manbalar ustuvor ahamiyatga ega ekani asoslab berilgan. Muallif ichki manbalar oʻsishi xorijiy kapital saldosi oʻrnini toʻldiruvchi vosita boʻlishi kerak, degan xulosaga keladi.