Jild 3 № 113 (2026): Jamiyat va boshqaruv

Jild 3 № 113 (2026): Jamiyat va boshqaruv
Nashr qilingan: 20-09-2026

“Jamiyat va boshqaruv” jurnali Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qarori bilan dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritilgan.

Maqolalar

“Dunyoviy davlat” tushunchasining o‘ziga xos xususiyatlari

Ushbu maqolada “dunyoviy davlat” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari, uning shakllanish tarixi va amaliy ko‘rinishlari chuqur tahlil qilingan. Xalqaro ilmiy adabiyotlarda qo‘llaniladigan “sekulyarizm” tushunchasi va uning davlat boshqaruvidagi o‘rni izohlangan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan dunyoviylik prinsipi va uning huquqiy kafolatlari yoritilgan. Maqolada davlat va din munosabatlarining institutsional ajratilganligi, e’tiqod erkinligi va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash tamoyillari tizimli tahlil qilinib, ularning asosiy xususiyatlari uch guruhga ajratib ko‘rsatilgan. Xalqaro va milliy tajribalar asosida “sekulyar davlat” tushunchasiga mualliflik yondashuvi berilgan.

Shaxzod Usmonov (Muallif)
11-19 8 5
Mustaqillik yillarida davlat xizmatini tashkil etishning rivojlanish bosqichlari

Maqolada O‘zbekistonda davlat xizmati institutining mustaqillik yillarida shakllanishi va davlat fuqarolik xizmati tizimiga transformatsiyasi tarixiy-huquqiy hamda institutsional mezonlar asosida tahlil qilingan. Davrlashtirishda normativ-huquqiy bazaning rivojlanishi, maxsus vakolatli institutlarning tashkil etilishi, kadrlarni tanlash, tayyorlash, baholash va karyerada o‘stirish mexanizmlarining shakllanishi asosiy mezonlar sifatida olingan. Tadqiqot natijasida, mazkur jarayon: 1991–2000, 2001–2016, 2017–2021 hamda 2022-yildan hozirgi davrgacha bo‘lgan to‘rt tarixiy-huquqiy bosqichga ajratilgan. 2022-yilgi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun, 2025-yilgi PF-78 va PF-95-son farmonlarning davlat xizmatini huquqiy kodifikatsiyadan kompetensiyalarga asoslangan, meritokratik, raqamlashtirilgan va natijadorlikka yo‘naltirilgan model sari rivojlantirishdagi o‘rni ochib berilib, davlat fuqarolik xizmatini yagona professsional, shaffof va fuqarolar manfaatlariga xizmat qiluvchi institut sifatida rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari asoslangan.

Muzaffar Maxmadaminov (Muallif)
20-29 3 2
Milliy xavfsizlikni taʼminlashda strategik rejalashtirishning o‘rni hamda xavf-xatarlarni boshqarishdagi taʼsiri

Mazkur maqolada milliy xavfsizlikni taʼminlashda strategik rejalashtirishning o‘rni va ahamiyati, uning nazariy-metodologik asoslari, maqsad va vazifalari, anʼanaviy strategik rejalashtirishdan farqli jihatlari, xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish mexanizmlari, shuningdek, o‘zgaruvchan xavfsizlik muhiti sharoitida strategik qarorlarni shakllantirish va amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari kompleks tarzda tadqiq etilgan.

Shahzod Fayziyev (Muallif)
30-42 2 1
Professional taʼlim sohasida davlat siyosati jarayonlarini takomillashtirish istiqbollari

Mazkur maqolada Oʻzbekistonda professional taʼlim sohasida davlat siyosatini takomillashtirishning dolzarb masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda professional taʼlim tizimining 2019–2020-yillarda shakllangan meʼyoriy-huquqiy asoslari, tizimning joriy holati, uning mehnat bozori bilan oʻzaro bogʻliqligi hamda mavjud muammolarning institutsional sabablari oʻrganilgan. Statistik, hujjatli va qiyosiy tahlil usullaridan foydalangan holda professional taʼlim tizimining yuqori qamrov darajasi bilan yoshlar bandligi oʻrtasidagi tafovut aniqlangan. Tadqiqot natijalari ish beruvchilarning taʼlim jarayoniga yetarli darajada institutsional jalb etilmagani, moliyalashtirish mexanizmlarining taʼlim natijalariga toʻliq bogʻlanmagani va mustaqil sertifikatlashtirish tizimining yetarlicha rivojlanmagani asosiy tizimli muammolar ekanini koʻrsatdi. Xalqaro tajriba asosida professional taʼlim siyosatini takomillashtirishning toʻrt blokli modeli — boshqaruv, ish beruvchi bilan hamkorlik, natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish va mustaqil sifatni baholash — taklif etilgan. Mazkur model professional taʼlim tizimining miqdoriy qamrovini mehnat bozoridagi real natijalarga aylantirishga xizmat qilishi mumkin.

Malika Gaybiyeva (Muallif)
43-53 2 2
Mahalla institutini raqamlashtirishning siyosiy-huquqiy asoslari va uning davlat boshqaruvidagi ahamiyati

Mazkur ilmiy maqolada O‘zbekiston Respublikasida mahalla institutini raqamlashtirishning siyosiy-huquqiy asoslari, uning davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishdagi ahamiyati tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF– 116-son Farmonida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ilmiy jihatdan baholanib, mahalla institutini raqamli transformatsiya qilishning nazariy va amaliy jihatlari yoritilgan. Mahalla boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashi, boshqaruv jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi hamda davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilishi asoslab berilgan. Shuningdek, mahallalarni raqamlashtirish orqali ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkoniyatlari ilmiy yondashuv asosida ochib berilgan.

Sarvarbek Mirzayev (Muallif)
54-69 6 2
Sanoatlashtirish va Xitoyning modernizatsiya yo‘li

Ushbu maqola Xitoyning qishloq xo'jaligiga asoslangan jamiyatdan global iqtisodiy kuchga aylanishidagi tezkor sanoatlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini o'rganadi. Mahalliy innovatsiyalar, ta'lim hamda infratuzilmaga davlat investitsiyalari va texnologiyalar uzatilishining o'rni yoritilgan. Xitoyning ishlab chiqarish salohiyatini shakllantirish modeli G'arbning moliyalashtirish yondashuvi bilan solishtirilib, rivojlanayotgan davlatlar barqaror texnologik o'sishi uchun muhim xulosalar taqdim etiladi.

Li Yin (Muallif)
70-75 3 2
Zamonaviy Xitoyda boshqaruvning madaniy mantiqi

Maqolada zamonaviy Xitoy boshqaruvining siyosiy-madaniy asoslari tahlil qilinadi. Muallif iqtisodiy o‘sish va siyosiy barqarorlikni tushuntirishda madaniyatni qat’iy milliy xarakter emas, balki hokimiyat, davlat majburiyatlari va yaxshi boshqaruv haqidagi ijtimoiy me’yorlar tizimi sifatida talqin qiladi. Tadqiqot birlik, meritokratiya, demokratik markazlashuv va xalqni asos sifatida ko‘rish tamoyillarining zamonaviy boshqaruvdagi o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Peng Hu (Muallif)
76-84 2 2
Xitoyda fiskal boshqaruv va davlat salohiyati

Maqolada Xitoyning fiskal boshqaruv tizimi va uning davlat salohiyatini shakllantirishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda hukumatlararo fiskal munosabatlar, to‘rt parallel budjet, soliq tizimi, davlat korxonalari va davlat aktivlari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, 1994-yilgi soliq islohoti, mahalliy budjet bosimi va yer moliyalashtirishining imkoniyatlari hamda xatarlari baholanadi.

Ping Zhang (Muallif)
85-95 3 2
Xitoyning manzilli kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi

Ushbu maqolada Xitoyning kambag'allikni qisqartirishdagi "maqsadli yondashuv" tajribasi tahlil qilinadi. Daromad, ta'lim, sog'liqni saqlash va uy-joy ko'rsatkichlarini qamrab olgan ko'p o'lchovli tizim ko'rib chiqilgan. Shuningdek, O'zbekistondagi mahalla tizimi va katta ma'lumotlar (big data) texnologiyalari yordamida kambag'allikni aniqlash hamda qisqartirish samaradorligi baholanib, rivojlanayotgan davlatlar uchun tegishli amaliy tavsiyalar beriladi.

Wang Xiaolin (Muallif)
96-98 3 2
O‘zbekistonda davlat qarzini barqaror boshqarish: valyuta xatarlarini kamaytirishning ustuvor yo‘nalishlari

Ushbu maqolada O‘zbekiston davlat qarzining barqarorligi nafaqat hajmi, balki tarkibi – xususan, valyuta tarkibi – nuqtayi nazaridan baholanadi. Qarz/YaIM nisbati nisbatan past (31,9 foiz) bo'lishiga qaramay, davlat qarzining 87,8 foizi chet el valyutasida shakllangani mamlakat uchun jiddiy tarkibiy zaiflikni yuzaga keltiradi; iqtisodiy adabiyotda bu holat «asl gunoh» (original sin) hodisasi sifatida talqin qilinadi. Tadqiqotda klassik Domar qarz dinamikasi modeli ichki va tashqi qarz bo'yicha alohida foiz stavkalari hamda valyuta qayta baholash kanali bilan kengaytirilib, bazaviy, optimistik va keskinlashgan ssenariylar, 20 000 ta ssenariyli Monte-Karlo stoxastik prognozi hamda Ghosh va hammualliflari metodologiyasi asosida xavfsiz qarz chegarasi baholandi. Hisob-kitoblar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va byudjet qonunlarining 2019–2025-yillardagi rasmiy ma'lumotlariga asoslangan. Asosiy topilma: chet el valyutasidagi qarz ulushi 87,8 foiz bo‘lganda kuchli devalvatsiya xavfsiz qarz chegarasini 33,4 foizgacha – amaldagi darajaga deyarli tenglashtiradi, ulush 50 foizgacha pasaytirilsa, chegara 100 foizdan yuqoriga kengayadi. Demak, asosiy fiskal xatar qarz hajmida emas, uning valyuta tarkibida mujassam. Maqolada milliy valyutadagi qarz ulushini oshirish va ichki obligatsiyalar bozorini chuqurlashtirish bo'yicha miqdoriy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Umidjon Pardayev (Muallif)
99-115 4 2
Tayyor mahsulotlarni bozorda sotishni tashkil qilishda mijozlar bilan o‘zaro aloqalarni tashkil qilish mexanizmlarini takomillashtirish

Mazkur maqolada tayyor mahsulotlarni bozorda sotishni tashkil etish jarayonida mijozlar bilan o‘zaro aloqalarni samarali boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy va raqamli mexanizmlari tadqiq etilgan. Zamonaviy bozorda tayyor mahsulotni ishlab chiqarishning o‘zi korxona raqobatbardoshligini ta’minlash uchun yetarli emasligi, mahsulotni iste’molchiga yetkazish, mijoz ehtiyojini aniqlash, sotuv oldi va sotuvdan keyingi aloqalarni muvofiqlashtirish, mijoz ma’lumotlarini yagona tizimda boshqarish hamda takroriy xaridlarni rag‘batlantirish korxona samaradorligining muhim omiliga aylanayotgani asoslangan.

Dilshod Mamasoatov (Muallif)
116-128 2 2
Hududiy iqtisodiy tizimlarni boshqarishda “adaptiv innovatsion” yondashuv: Indastry (Industry 4.0) va yashil iqtisodiyot tendensiyalari

Maqolada an'anaviy ierarxik hududiy boshqaruv modellari Indastry (Industry) 4.0 raqamli transformasiyasi va yashil iqtisodiyotga oʻtish kabi global innovatsion tendensiyalarning yuqori noaniqlik va dinamika sharoitida samarasizlashib borayotgani, ushbu tendensiyalarni institutsional jihatdan hisobga oluvchi “adaptiv innovatsion boshqaruv” (adaptive innovative governance, AIG) paradigmasini ishlab chiqish va uning Oʻzbekistonda joriy etilish istiqbollari haqida so‘z boradi. Mazkur taqdiqotda (design science research) yondashuvi asosida 2019-2026-yillarda nashr etilgan, Scopus/Web of Science indekslangan 30 ta maqolaning maqsadli (purposive) tanlangan namunasi ustida tizimli kontent-tahlili, komparativ-institutesional tahlil va morfologik modellashtirish qoʻllanildi. Natijada, besh moduldan: institutsional egiluvchanlik, koʻp subyektli koordinatsiya, raqamli-texnologik integratsiya, yashil transformatsiya va monitoring-oʻrganish siklidan iborat AIG modelining konseptual arxitekturasi ishlab chiqildi va an'anaviy byurokratik modelga qiyoslandi.

Azimjon Xolov (Muallif)
129-142 2 1
Aholi oʻlim holatining iqtisodiy statistik tahlili

Mazkur maqolada aholining o‘lim holati iqtisodiy-statistik yondashuv asosida tahlil qilinib, o‘lim jarayonlarining dinamikasi va hududiy tafovutlari yoritiladi. Tadqiqotda 2018–2024-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha vafot etganlar soni hamda umumiy o‘lim koeffitsiyenti ko‘rsatkichlari statistik jihatdan baholandi. Dinamik va hududiy taqqoslashlar asosida o‘lim holatining ijtimoiy-iqtisodiy omillar, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi va ekologik sharoitlar bilan bog‘liqligi aniqlandi. Tahlil natijalari pandemiya yillarida o‘lim darajasining vaqtincha oshganini, keyingi yillarda esa barqarorlashuv tendensiyasi shakllanganini ko‘rsatdi. Maqolada o‘lim holatini baholashda mutlaq va nisbiy ko‘rsatkichlarni kompleks qo‘llash zarurligi asoslanib, sog‘liqni saqlash va demografik siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar berilgan.

Zarina Siroj (Muallif)
143-153 2 2
O‘zbekistonning tashqi siyosati strategiyasi evolyutsiyasi va transformatsiyasi

O‘zbekiston Respublikasining 2012-yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi evolyutsiyasi va transformatsiyasi kompleks tahlil qilinib, uning milliy suverenitetni mustahkamlash hamda strategik avtonomiyani ta’minlashdagi o‘rni ilmiy jihatdan baholangan. 2016-yildan keyin shakllangan proaktiv mintaqaviy siyosat va “yaxshi qo‘shnichilik kamari” sharoitida mazkur konsepsiyaning iqtisodiy diplomatiya hamda integratsiya jarayonlariga oid jihatlari tahlil etilgan. Qozog‘iston va Qirg‘izistonning tashqi siyosat modellari bilan qiyosiy tahlil asosida O‘zbekiston tashqi siyosatining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari yoritilgan. Shuningdek, global va mintaqaviy jarayonlarning o‘zgarishi sharoitida “muvozanatlangan ochiqlik” tamoyili hamda faol ko‘p vektorli tashqi siyosatga asoslangan yangi konseptual yondashuvni shakllantirish zarurati ilmiy jihatdan asoslangan.

Anvar Yuldashev (Muallif)
154-168 3 2
Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda boshqaruv samaradorligini ta’minlash

Ushbu maqolada oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda boshqaruv samaradorligini oshirish tendensiyalari hamda boshqaruv samaradorligini ta’minlash choralari ko‘rib chiqilgan. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda boshqaruv samaradorligini ta’minlashning sanoat o‘sishiga ta’siri iqtisodiy baholangan. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida boshqaruv samaradorligini ta’minlash mahsulot sifati va xavfsizligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish hamda korxonalarning bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, sohada yuqori samaradorlikka erishish maqsadida boshqaruv tizimini bir qator ustuvor yo‘nalishlar asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Nasiba Kobilova (Muallif)
169-178 3 1