Mazkur maqolada milliy xavfsizlikni taʼminlashda strategik rejalashtirishning o‘rni va ahamiyati, uning nazariy-metodologik asoslari, maqsad va vazifalari, anʼanaviy strategik rejalashtirishdan farqli jihatlari, xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish mexanizmlari, shuningdek, o‘zgaruvchan xavfsizlik muhiti sharoitida strategik qarorlarni shakllantirish va amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari kompleks tarzda tadqiq etilgan.
Mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida bolalar huquqlarini xalqaro-huquqiy himoya qilish modeli transformatsiyasi tadqiq etilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining universal hamda mintaqaviy xalqaro-huquqiy hujjatlari, shuningdek, zamonaviy ilmiy doktrina tahlili asosida bolalar huquqlarining amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi raqamli xavf-xatarlar evolyutsiyasi ochib berilgan. Zamonaviy raqamli tahdidlar nafaqat mazmuni, balki yuzaga kelish mexanizmi jihatidan ham farq qilishi, bu esa xalqaro-huquqiy tartibga solish obyektining o‘zgarishiga olib kelishi ilmiy jihatdan asoslangan. Xalqaro huquqning rivojlanishi raqamli kontent va raqamli munosabatlar ishtirokchilari xulq-atvorini tartibga solishdan raqamli muhit arxitekturasi, algoritmik tizimlar hamda raqamli platformalarni bolalar huquqlarini amalga oshirishga ta’sir etuvchi mustaqil omillar sifatida huquqiy tartibga solishga bosqichma-bosqich o‘tish bilan tavsiflanishi aniqlangan. Xalqaro-huquqiy himoya obyektining transformatsiyasi raqamli davrda bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi xalqaro-huquqiy yondashuvlarni shakllantirish zaruratini taqozo etishi haqida xulosa qilingan.
Siyosiy jarayonlarning shiddat bilan o‘zgarib borishi, axborot hajmi va oqimining ortishi, geosiyosiy jihatdan yangi xavf va tahdidlarning paydo bo‘lishi muayyan siyosiy qarorlar qabul qilishni murakkablashtirmoqda. Ushbu holatlarda davlat boshqaruvida ixtisoslashgan va mustaqil axborot-tahlil institutlari sifatida faoliyat yurituvchi “aql markazlari” bilan yaqindan hamkorlik qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu ilmiy maqolada aql markazlarining faoliyati, turlari va ishlash tamoyillari tadqiqotga tortilib, O‘zbekiston sharoitida aql markazlari va tahliliy uyushmalarni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratilgan.