Mazkur tadqiqot xalqaro migratsiya va Jahon savdo tashkiloti (JST) faoliyati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni jahon iqtisodiyotining globallashuvi sharoitida kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ishda jismoniy shaxslarning transchegaraviy harakatini tartibga solishning institutsional-huquqiy tabiati General Agreement on Trade in Services (GATS) doirasida ko‘rib chiqiladi, bunda xizmatlarni jismoniy shaxslarning ishtiroki orqali yetkazib berish rejimiga (Mode 4) alohida e’tibor qaratilgan. Muallif tomonidan GATSning I, VI, XVI va XVII moddalari, shuningdek, jismoniy shaxslarning harakatlanishi to‘g‘risidagi Ilova batafsil tahlil qilinadi, bu esa vaqtinchalik mehnat migratsiyasini xizmatlar xalqaro savdosining elementi sifatida huquqiy tartibga solish xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Mode 4 rejimining gibrid tabiati, ya’ni uning xalqaro iqtisodiy huquq va migratsiya huquqi kesishgan nuqtada joylashgani asoslab beriladi. Tadqiqot natijasida JST rejimining asosiy cheklovlari, jumladan, uning selektiv xususiyati, liberallashtirish darajasining pastligi hamda migratsiya sohasida davlat suverenitetining saqlanib qolishi aniqlandi. Xalqaro savdo va migratsiya tartibga solish tizimlarini yanada uyg‘unlashtirish zarurligi haqida xulosa qilinadi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasining shakllanish sabablari, iqtisodiy mexanizmlari, pul o‘tkazmalarining makro va mikroiqtisodiy ta’siri hamda mehnat migrantlarining qaytishidan keyingi reintegratsiya jarayonlari tahlil qilinadi. Tadqiqot sifatli fokus-guruh muhokamalari va rasmiy statistik ma’lumotlarga asoslangan holda olib borildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mehnat migratsiyasi qisqa muddatda kambag‘allikni yumshatuvchi iqtisodiy mexanizm sifatida namoyon bo‘lsa-da, uzoq muddatda qayta migratsiya siklining kuchayishi va hududiy iqtisodiy nomutanosibliklarni chuqurlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin.
Ushbu maqolada postsovet makonida, xususan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya jarayonlarining institutsionallashuvi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YevrAzES) misolida tadqiq etiladi. Tashkilotning 1995- yildagi Bojxona ittifoqidan boshlab, 2000-yilgi Ostona shartnomasigacha bo‘lgan tarixiy evolyutsiyasi va huquqiy asoslari tahlil qilinadi. Maqolada YevrAzESning boshqaruv tizimi, uning Yevropa Ittifoqi va ASEAN modellari bilan o‘ziga xos farqlari va o‘xshashliklari qiyosiy o‘rganilgan. Shuningdek, tashkilotning transport, energetika va mehnat migratsiyasi sohalaridagi ahamiyati hamda O‘zbekistonning ushbu integratsion tuzilmadagi ishtiroki va istiqbollari yoritilgan. YevrAzESning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) transformatsiyalashuvi integratsiyaning yangi bosqichi sifatida baholanadi.