Mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida bolalar huquqlarini xalqaro-huquqiy himoya qilish modeli transformatsiyasi tadqiq etilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining universal hamda mintaqaviy xalqaro-huquqiy hujjatlari, shuningdek, zamonaviy ilmiy doktrina tahlili asosida bolalar huquqlarining amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi raqamli xavf-xatarlar evolyutsiyasi ochib berilgan. Zamonaviy raqamli tahdidlar nafaqat mazmuni, balki yuzaga kelish mexanizmi jihatidan ham farq qilishi, bu esa xalqaro-huquqiy tartibga solish obyektining o‘zgarishiga olib kelishi ilmiy jihatdan asoslangan. Xalqaro huquqning rivojlanishi raqamli kontent va raqamli munosabatlar ishtirokchilari xulq-atvorini tartibga solishdan raqamli muhit arxitekturasi, algoritmik tizimlar hamda raqamli platformalarni bolalar huquqlarini amalga oshirishga ta’sir etuvchi mustaqil omillar sifatida huquqiy tartibga solishga bosqichma-bosqich o‘tish bilan tavsiflanishi aniqlangan. Xalqaro-huquqiy himoya obyektining transformatsiyasi raqamli davrda bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi xalqaro-huquqiy yondashuvlarni shakllantirish zaruratini taqozo etishi haqida xulosa qilingan.
Maqola davlat boshqaruvini raqamlashtirishning huquqiy jihatlarini hamda uning ma’muriy-prosessual huquq institutlariga ta’sirini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Maqolada ma’muriy tartib-taomillarni elektron muhitga o‘tkazishda yuzaga keladigan muammolar, shu jumladan, sun’iy intellekt tizimlarining algoritmik xatolari xavfi va raqamli tafovutning kelib chiqishi masalalari tahlil qilinadi. Yakunda ommaviy hokimiyatning raqamli markazlashuvi sharoitida xususiy shaxslarning protsessual kafolatlarini ta’minlash uchun aniq qonunchilik yechimlari taklif etilgan.
Maqolada raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining parlament faoliyatiga integratsiyasi masalasi tadqiq etilib, Parlamentlararo ittifoq (PAI), Yevropa va AQSh parlamentlari xorijiy tajribasi hamda O‘zbekiston parlamentining raqamlashtirish islohotlari tahlil qilingan. Maqolada SIning qonun ijodkorligi, analitik jarayonlar va jamoatchilik bilan muloqotni takomillashtirishdagi roli ochib berilib, shu bilan birga, ma’lumotlar xavfsizligi, algoritmik bias va etik xatarlar masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot asosida O‘zbekiston parlamenti uchun inson nazoratidagi (human-in-the-loop) bosqichma-bosqich integratsiya, “laboratoriya muhiti”da sinovdan o‘tkazish va etik me’yorlar asosida SI texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha siyosiy-huquqiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada turli mamlakatlararo tovarlar savdosi va raqamli mahsulotlar hamda xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshirish faoliyatini yuritishda bugungi kunda global kompaniya darajasiga erishish uchun birinchi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qadamlar tahlil qilingan. Shuningdek, global biznes muhitini yaratishda davlatlararo elektron tijorat bozorining o‘rni, global biznesda onlayn platformalarning ahamiyati haqida so‘z boradi.