Mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida bolalar huquqlarini xalqaro-huquqiy himoya qilish modeli transformatsiyasi tadqiq etilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining universal hamda mintaqaviy xalqaro-huquqiy hujjatlari, shuningdek, zamonaviy ilmiy doktrina tahlili asosida bolalar huquqlarining amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi raqamli xavf-xatarlar evolyutsiyasi ochib berilgan. Zamonaviy raqamli tahdidlar nafaqat mazmuni, balki yuzaga kelish mexanizmi jihatidan ham farq qilishi, bu esa xalqaro-huquqiy tartibga solish obyektining o‘zgarishiga olib kelishi ilmiy jihatdan asoslangan. Xalqaro huquqning rivojlanishi raqamli kontent va raqamli munosabatlar ishtirokchilari xulq-atvorini tartibga solishdan raqamli muhit arxitekturasi, algoritmik tizimlar hamda raqamli platformalarni bolalar huquqlarini amalga oshirishga ta’sir etuvchi mustaqil omillar sifatida huquqiy tartibga solishga bosqichma-bosqich o‘tish bilan tavsiflanishi aniqlangan. Xalqaro-huquqiy himoya obyektining transformatsiyasi raqamli davrda bolalar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan yangi xalqaro-huquqiy yondashuvlarni shakllantirish zaruratini taqozo etishi haqida xulosa qilingan.